Stokgolm, 5-iyul 2022-yil – Jurnalist Lolagul Kallixanova O‘zbekiston g‘arbidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasida norozilik namoyishlarini yoritganidan so‘ng bedarak yo‘qolgani haqidagi OAV xabarlariga javoban Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (CPJ) quyidagi bayonot bilan chiqdi va rasmiylarni jurnalistning qayerdaligi haqida bor ma’lumotni o’rtoqlashishga chaqirdi:
“Jurnalist Lolagul Kallixanovaning g‘oyib bo‘lishi juda tashvishlidir; O‘zbekiston rasmiylari uning qayerdaligiga oid bor ma’lumotni oshkor etishi va jurnalistik faoliyati uchun ta’qib qilinmasligini ta’minlashi kerak”, dedi CPJning Nyu-Yorkdagi Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha dasturi koordinatori Gulnoza Said. “Jurnalistlar Qoraqalpogʻistonda va butun Oʻzbekistonda erkin xabar tarqatish imkoniyatiga ega boʻlishi kerak, va ularning xavfsiz va senzurasiz sharoitda ishlay olishlarini rasmiylar taʼminlashi lozim”.
1-iyul kuni Makan.uz mustaqil axborot sayti va unga hamroh Telegram kanalini olib boruvchi Kallixanova oʻz kanalida CPJ tomonidan koʻrib chiqilgan videolavhani joylashtirdi va unda Qoraqalpogʻistonning mustaqillik referendumini oʻtkazishini taqiqlovchi konstitutsiyaviy oʻzgartirishlarga oid sharh qoldirdi. Ko’p o’tmay videolavha 85000ga yaqin obunachiga ega Telegram kanalidan o‘chirib tashlandi.
Eurasianet mustaqil mintaqaviy axborot saytiga ko’ra, o’sha videolavhani joylashtirganidan so’ng Kallixanova g’oyib bo’lgan, uning qayerdaligi noma’lum, uning xavfsizlik xizmati hibsga olgani haqida xabarlar bor. Kallixanovaning singlisi 2-iyul kuni Eurasianet nashriga jurnalist bilan aloqa uzilganini aytgan.
Taklif etilayotgan konstitutsiyaviy o’zgartirishlar Qoraqalpog’iston bo’ylab noroziliklarga sabab bo’ldi, xabarlarga ko’ra, hukumat butun mintaqada internetni cheklagan.
3-iyul kuni “Qoraqalpoq 24” davlat teleradiokompaniyasi jurnalistning oilasi so’zlariga tayanib xabar tarqatdi va uning “yaxshi” ekanini aytdi, lekin boshqa tafsilotlarni keltirmadi.
CPJ Kallixanovaning oilasi yoki O’zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati bilan bog’lanish uchun ma’lumotni topa olmadi; CPJ izoh so’rab Ichki ishlar vazirligiga elektron pochta orqali maktub yubordi, ammo javob olmadi.
4-iyul kuni Qoraqalpog‘iston poytaxti Nukusda militsiya The Economist va Eurasianet kabi nashrlar bilan hamkorlik qiladigan britaniyalik jurnalist Joanna Lillisni qisqa muddatga hibsga olgan va so‘roq qilgan. Bu haqda CPJ bilan telefon orqali suhbatlashgan Lillisning o’zi so’zlab berdi hamda Eurasianet muharriri Piter Leonard Twitterda yozdi.
Lillis mahalliy aholi bilan intervyularni yozib olayotganida militsiya uni telefonidagi fotosuratlar va videolarni o’chirishga majbur qildi, jurnalistni taxminan bir soat ushlab turgach, uzr so’rab, qo’yib yubordi. Ammo zobitlar jurnalist militsiya bo’limidan chiqib ketayotganida unga bir necha bor “ehtiyot bo’ling” deb aytgan. Lillisning fikricha, bu uning ishiga oid ogohlantirish edi.
Shuningdek, 27-iyun kuni Gazeta.uz mustaqil axborot sayti O‘zbekiston konstitutsiyasiga taklif etilayotgan o‘zgartirishlar haqidagi ikki maqolani, jumladan, Qoraqalpog‘iston maqomi haqidagi maqolani olib tashladi, deya xabar berdi bir nechta OAV. Gazeta.uz CPJga bu borada izoh berishdan bosh tortdi; nashrdagi manbaga tayanib, Bi-bi-si o’zbek xizmati materiallar “bosim ostida” olib tashlanganini yozdi.
[Tahririyatdan: Ushbu maqola to’qqizinchi xatboshida militsiya Lillisni telefonidan fotosuratlar va videolarni o’chirishga majbur qilganini aks ettirish uchun o’zgartirildi.]