Nyu-York, 8-noyabr 2021-yil – Oʻzbekiston rahbariyati jurnalist Agneshka Pikulitskaga mamlakatga kirib, bemalol ishlashiga ruxsat berishi kerak, deya bayonot berdi bugun Jurnalistlarni himoya qilish qoʻmitasi (CPJ).
Kecha kunning ikkinchi yarmida Qozog‘iston bilan chegaradagi Jibek yo‘li-G‘isht ko‘prik (Chernyaevka) chegara-nazorat punktida O‘zbekiston rasmiylari Polsha fuqarosi, “Al-Jazira” va “Gardian” gazetalarining frilans-muxbiri Pikulitskaga mamlakatga kirish taqiqlanganini aytib, unga kirishga ruxsat bermadi, deyiladi OAV xabarlarida. Bu haqda jurnalist tvitlar ham yozdi va CPJ bilan telefon orqali suhbatda so’zlab berdi.
Pikulitskaning aytishicha, u qisqa muddatga Qozog‘istonga o‘tib, so’ngra yangi 30 kunlik vizani olib, yana O‘zbekistonga qaytish niyatida chegara punktiga soat 14:30 da yetib kelgan. Shu yilning boshida uning akkreditatsiyasi yangilanmaganidan so’ng u bir necha marta shunday qilishga majbur bo’lgan va muammoga uchramagan. Biroq bu safar Qozog‘iston rasmiylari COVID-19 bo’yicha qoidalarga tayanib, jurnalistning mamlakatga kirishini man etdi. Shunda jurnalist O‘zbekiston hududiga qaytishga urindi, ammo chegarachilar unga kirish taqiqlanganini aytdi, deya hikoya qildi Pikulitska.
Pikulitska tunni Oʻzbekiston chegara postida oʻtkazdi, va rasmiylar unga ertasi kuni ertalabgacha o’sha yerda qolish kerak, deya aytgan. So’ngra unga poytaxt Toshkentdan mamlakat tashqarisiga parvoz qilishi rejalashtirilgani aytilgan, dedi Pikulitska CPJga.
“O‘zbekiston hukumati jurnalist Agneshka Pikulitskani mamlakatga kiritmay, byurokratik tuzoqqa tushirdi”, dedi CPJ dasturi direktori Karlos Martines de la Serna. “Agar yangi saylangan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning matbuot erkinligini kengaytirish haqdagi va’dalari quruq bo’lmasa, rasmiylar Pikulitskaga mamlakatga kirishni rad etishning qonuniy asosini koʻrsatishi yoki uning Oʻzbekistonga qaytib, faoliyatini davom ettirishiga ruxsat berishi kerak”.
Aprel oyida O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Pikulitskani O‘zbekiston haqida “salbiy va noxolis ma’lumot” tarqatishda va LGBT huquqlari himoyachisi Miraziz Bozorov haqidagi xabarlari bilan mamlakat ommaviy axborot vositalari haqdagi qonunni buzganlikda ayblab, bayonot bergan edi. Bu haqida o‘sha paytda CPJ xabar bergan. Iyun oyida Tashqi ishlar vazirligi uning akkreditatsiya muddatini uzaytirmaslikka qaror qildi, bunga sabab etib esa jurnalistning go’yoki o‘zbek fuqarolarining “sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi” faoliyat olib borgani va “[O‘zbekistonning] ichki ishlariga aralashgani”ni ko’rsatdi. Bu haqda o‘shanda Pikulitska CPJga gapirib bergan va o’z faoliyati uchun o‘ch deya baholagan edi.
Pikulitska akkreditatsiyadan o‘tmaganiga qaramay, O‘zbekistondan reportajlarini davom ettirishga muvaffaq bo‘ldi, biroq hukumat amaldorlaridan intervyu ololmadi, dedi u CPJga.
Uning mamlakatga kirishi man etilganidan so‘ng, o‘zbek chegarachilari avvaliga Pikulitskani nazorat-o‘tkazish punkti binosi ichiga kiritmadilar va jurnalistni tashqarida sovuqda yetti soat davomida kutib turishga majbur qildilar. So’ngra Pikulitska tanishi unga issiq kiyim va uxlaydigan qop olib kelgan, shundan so’ngra oxir-oqibat kechasi soat 2 yoki 3 larda chegarachilar unga bino ichida uxlashiga ruxsat bergan.
O’shandan keyin chegara xodimlari muloyim bo’lib, uni issiq choy va o’tirishi uchun xona bilan ta’minladilar, dedi Pikulitska CPJga.
Polsha elchixonasi xodimlari taqiqning mavjudligini tasdiqladilar va uning sabablarini va amal qilish muddatini aniqlashga harakat qildilar, dedi Pikulitska CPJga va Polsha elchixonasi uning mamlakatdan chiqib ketishi haqida muzokara olib borish uchun mas’ul ekanini qo’shimcha qildi.
Pikulitska o‘zbek rasmiylari qarorini “yurakni ranjituvchi” va “halokatli” deb atadi va uning do‘stlari, kvartirasi va ko‘p ishlari uch yildan ko‘proq vaqt davomida O‘zbekistonda bo‘lganini aytdi. Rasmiylar unga ertangi reysda uchishdan oldin o’z kvartirasiga bora olmasligini aytishdi, dedi Pikulitska.
U soʻnggi haftalarda Oʻzbekiston haqida xabar bermagani va rasmiylardan hech qanday ogohlantirish olmaganini aytib, nima sababdan rasmiylar unga qarshi harakat qilish uchun aynan shu vaqtni tanlaganini bilmasligini aytdi.
CPJ izoh so’rab, O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga qo’ng’iroq qildi va elektron pochta orqali maktub yo’lladi, ammo hech qanday javob olganicha yo’q.
Ushbu maqola chop etilganidan so‘ng Polshaning O‘zbekistondagi elchixonasi vakili CPJning izoh so‘rab elektron pochta orqali yuborgan so‘roviga javob berdi va Pikulitskaning mamlakatga kirishi taqiqlanganini tasdiqladi. Elchixona xodimlari O‘zbekiston hukumati bilan muzokaralar chog‘ida Pikulitskaga oziq-ovqat va turar joy bilan ta’minlash orqali yordam bera olganini ta’kidladi.
Elchixona CPJning taqiq sabablari haqidagi savollariga javob bermadi.