Nyu-York, 21-oktabr 2021-yil – O‘zbekiston rasmiylari AQSh Kongressi tomonidan moliyalashtiriladigan Ozod Yevropa/Ozodlik Radiosi xodimlariga kelib tushgan tahdidlarni tezda tekshirishi va jurnalistlarning xavfsiz sharoitda ishlashini ta’minlashi lozim, deya bayonot berdi bugun Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (CPJ).
Ozod Yevropa va Ozodlik Radiosi xabarlariga ko‘ra, 16-oktabr kuni Telegram ilovasining anonim foydalanuvchilari Ozodlik radiosining o‘zbek xizmati xodimlariga o‘nlab tahdidlar yo’llagan.
Taxminan 30 daqiqa davomida kallasini kesish va jinsiy tajovuz qilish haqida tahdidlar kelgan, ularda radio xodimlari suratlari aks ettirilgan pornografik kollajlar ham bo’lgan.
“Ozodlikning asl maqsadi isyon ko‘tarish, tinchlikni buzish, prezidentimizni obro‘sizlantirishdir”, deb yozilgan sarlavhali suratlar ayni shaxs yoki guruh tomonidan yaratilgan ko‘rinadi, deya yozdi Ozodlik.
O‘zbekistonda prezident saylovlari 24-oktabrda bo’lib o’tadi. Bu yil Ozodlik O‘zbekiston hukumati, xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyev va uning oilasi boyliklari haqida qator shov-shuvli tekshiruvlarni e’lon qilgan edi.
“Ozodlik radiosi oʻzbek xizmati xodimlariga qilingan misli koʻrilmagan va chidab bo’lmaydigan tahdidlar Oʻzbekiston rasmiylaridan aniq javob talab qilmoqda”, dedi Nyu-Yorkda CPJning Yevropa va Markaziy Osiyo dasturi koordinatori Gulnoza Said. “Hech bir jurnalist bunday tahdidlar ostida ishlamasligi kerak, Oʻzbekiston hukumati bu tahdidlarning kelib chiqishini tekshirish uchun zudlik bilan choralar koʻrishi va aybdorlarni javobgarlikka tortishi lozim”.
Ozodlik radiosining yozishicha, ilgari ham, yuqori lavozimli amaldorlar, prezident va uning oilasi haqida tanqidiy maqolalar va videolar chop etilganda, muvofiqlashtirilgan onlayn-hujumlar “muntazam” ravishda bo’lib turar edi. Sharhlovchilar Ozodlikni yolgʻon maʼlumot tarqatishda, Mirziyoyevga tuhmat qilishda va tartibsizlik uygʻotishda ayblashgan. Ammo 16-oktabr kuni kelib tushgan o‘lim tahdidlari soni misli ko‘rilmagan edi, deya xabar beradi Ozodlik.
Ozodlik radiosining Telegram bo’yicha mutaxassisi Andrey Soshnikov radioga tahdidlarni yuborgan akkauntlar haqiqiy shaxslarga tegishli bo‘lsa-da, ular uyushgan spam-tarmoqning bir qismi bo‘lish ehtimoli ko‘proq ekanini aytdi.
Ozodlik saytidagi ma’lumotga ko’ra, radio jamoasi 2005-yildan beri Chexiya poytaxti Pragadan turib ishlaydi; o‘sha yilning may oyida O‘zbekiston xavfsizlik kuchlari tomonidan sodir etilgan qirg‘in haqida xabar berganidan so’ng radio Toshkentdagi byurosini yopishga majbur bo‘lgan.
Mirziyoyev prezident etib saylanganidan buyon Bi-Bi-Si (BBC) o‘zbek xizmati, Amerika Ovozi va Doychevelle kabi vebsaytlarni blokdan chiqardi, biroq Ozodlik radiosining o‘zbek xizmati saytiga mamlakat ichida kirib bo’lmaydi, uning akkreditatsiya so‘rovlari javobsiz qolgan, deb yozadi radio.
Ozodlik radiosining CPJga bergan bayonotiga ko’ra, Ozod Yevropa/Ozodlik Radiosi prezidenti Jeymi Flay tahdidlarni “jirkanch” deya baholadi va O‘zbekiston hukumatini ularni qoralashga, Ozodlik radiosi vebsaytini bloklashni bas qilishga va jurnalistlarini akkreditatsiya qilishga chaqirdi.
CPJ izoh uchun Ichki ishlar vazirligi va prezident devoniga elektron pochta orqali maktub yubordi, ammo hozircha javob olganicha yo’q.