Stokgolm, 10-may 2021 yil – O’zbekiston hukumati jurnalist Otabek Sattoriyni zudlik bilan ozod qilishi, uning apellyatsiya murojaatiga qarshi chiqmay, unga va barcha jurnalistlarga erkin ravishda va tazyiqlardan qo’rqmagan holda ishlash imkonini berishi kerak, deya bayonot berdi bugun Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi (CPJ).
Bugun Surxondaryo viloyati Muzrabot tuman sudi mahalliy korruptsiya iddaolarini yoritgan bloger Sattoriyni tovlamachilikka uch marta, tuhmatga ikki marta qo’l urganlikda aybdor deb topib, 6 yil va 6 oyga ozodlikdan mahrum qildi, deyiladi OAV xabarlarida.
Hukm chiqarilganidan so’ng YouTube-da e’lon qilingan bayonotda va CPJ bilan telefon orqali suhbatda jurnalist advokati Umidbek Davlatov Sattoriy ushbu ayblovlarning barchasini inkor etgani va apellyatsiya berish niyatida ekanini aytdi.
“O’zbekiston rahbariyatining korruptsiyani yoritgan bloger Otabek Sattoriyni tovlamachilik va tuhmatga oid soxta ayblovlar asosida qamoq jazosiga mahkum etishi prezident saylovlari yaqinlashayotgan bir paytda nozik masalalarni yoritayotgan matbuotni qo’rqitishga qaratilgan urinishdir”, dedi Nyu-Yorkda CPJning Yevropa va Markaziy Osiyo dasturi koordinatori Gulnoza Said. “Rasmiylar Sattoriyning apellyatsiya murojaatiga qarshi chiqmay, o’z ishini bajarayotgan jurnalistlarni qamamasligi kerak”.
Huquq-tartibot organlari xodimlari Sattoriyni tovlamachilik gumoni bilan 30-yanvar kuni hibsga olib, u mahalliy tadbirkordan uyali telefon olib berishni talab qilgani, aks holda tadbirkorning korruptsiyaga qo’l urgani haqida material tayyorlayman deb, tahdid qilganini ta’kidlagan edi. Bu haqda CPJ ilgari xabar bergan edi. Ichki ishlar vazirligi tergov boshqarmasining 1-mart kungi bayonotida aytilishicha, tuhmat va tovlamachilik bo’yicha qo’shimcha shikoyatlar bilan boshqa fuqarolar murojaat qilgani sababli Sattoriyga nisbatan ayblovlar kengaytirilgan.
Sudya To’lqin Abdiraimov bugun Sattoriydan haqorat aybini hamda gaz taqsimlovchi kompaniya ishchilaridan pul undirganlik haqdagi ikki holatga oid ayblarni olib tashladi, ammo qolgan uchta tovlamachilik va ikkita tuhmat holatlarida aybdor deb topdi, deyiladi xabarlarda.
Sudya nisbatan yengil jazo tayinladi, chunki Sattoriy qurilish firmasi rahbaridan ikkita kvartirani ta’mirlab berishni talab qilgani haqdagi da’vodan kelib chiqqan holda 10 yildan 15 yilgacha qamoq jazosini olishi mumkin edi, deyiladi xabarlarda.
CPJ Sattoriyning Facebook sahifasi, Telegram va YouTube kanallarini ko’rib chiqdi. Ularda Sattoriy “Hududgazta’minot” davlat gaz kompaniyasidagi korrupsiya holatlari haqida xabar bergan (aynan shu kompaniya xodimlari keyinchalik blogerga qarshi shikoyat bilan chiqqan), Termiz shahar hokimi Isroil Xudoyberdiev va Surxondaryo viloyati hokimi To’ra Bobolov rahbarligini nuqsonlari uchun bir necha bor tanqid qilgan.
Xudoyberdiev kvartira haqdagi ishda asosiy guvoh va bir muncha vaqt davomida hatto da’vogar ham bo’lgan, deyiladi xabarlarda va IIV bayonotida. Davlatov va blogerning otasi Abdumannon Sattoriy CPJga telefon orqali bergan intervyularida barcha ayblovlar Sattoriy reportajlari uchun qasos ekani va to’qib chiqarilganiga amin ekanliklarini aytdilar.
4-may kuni bo’lib o’tgan yakuniy sud ishida Sattoriy advokatlari prokurorlar tovlamachilikni isbotlovchi hech qanday jiddiy dalillarni taqdim etmagani va buning o’rniga da’vogarlar ko’rsatmalariga tayanganini aytdi. (CPJ jarayon videoyozuvini ko’rib chiqdi.)
CPJ izoh so’rab, elektron pochta orqali O’zbekiston Ichki ishlar vazirligi, “Hududgazta’minot” hamda Termiz va Surxondaryo hokimiyatlariga murojaat qildi, ammo hech qanday javob olmadi. Ushbu maqola chop etilganidan so’ng Termiz hokimligiga yo’llangan elektron maktub yanglish manzil, degan izoh bilan qaytib keldi. Shunda CPJ Termiz hokimligiga telefon qildi va hokimlikning Facebook tarmog’idagi sahifasi orqali maktub yo’lladi, ammo javob olmadi.
(Tahririyatdan: Ushbu maqolaning oxirgi jumlasi CPJning Termiz shahar hokimiyati bilan bog’lanishga urinishlarini aks ettirish maqsadida yangilandi).